Ko'p so'raladigan savollar

Men ko'chada, hech kimga halaqit bermasamda, kafe oldida tamaki chekib turganimda profilaktika inspektori meni ushlab jarimaga tortishi mumkinmi?

O'zbekiston Respublikasi MJTKning 561-moddasida jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste'mol qilish, ya'ni ish joylarida, sog'liqni saqlash, ta'lim, sport-sog'lomlashtirish muassasalarida, yong'in chiqish xavfi bo'lgan joylarda, shu jumladan avtomobillarga yoqilg'i quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste'mol qilish, eng kam ish haqining uchdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo'lishligi to'g'risidja qoida mustahkamlangan.

Aynan ushbu qoida ijrosini ta'minlash maqsadida profilaktika inspektorlariga qoninlarimizda belgilangan vazifalar mustahkamlangan.

Profilaktika inspektorlari yordamchilarining vazifalari nimalardan iborat? Ular o'z vazifasini bajarish chog'ida qanday huquq yoki vakolatlardan foydalanadi?

Ma'lumki, profilaktika inspektorlarining yordamchilari ichki ishlar organlarining erkin yollangan xizmatchisi sifatida o'z vazifa va funktsiyalarini davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, jumladan, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.

Ularga birinchi navbatda tegishli hududda xavfsizlikni va jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning ogohligini oshirish, tinchlik va barqarorlikni ta'minlashda ichki ishlar organlariga ko'maklashish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, g'ayriijtimoiy xulq-atvorga ega, huquqbuzarlik sodir etishga moyil, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning, shuningdek, huquqbuzarliklardan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitasiya qilish va ijtimoiy moslashtirishda ishtirok etish, fuqarolar, ayniqsa, voyaga etmaganlar va yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, huquqiy targ'ibot ishlarini o'tkazishda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bilan hamkorlik qilish, voyaga etmaganlar hamda yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, ongi va qalbida mustaqillik g'oyalariga sodiqlik, milliy o'zlikni anglash, Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik, fidoyilik hissini qaror toptirish va rivojlantirish, turli mafkuraviy tahdidlardan asrashga qaratilgan tadbirlarni o'tkazishda ishtirok etish ham profilaktika inspektorlari yordamchilarining asosiy vazifalaridan biridir.

Bundan tashqari, amalda profilaktika (katta) inspektorldariga yuklatilgan "Mahalla posboni" jamoatchilik tuzilmasi, "Fidokor yoshlar" jamoatchilik patrul guruhlari, "jamoatchilik nazorati maskanlari" faoliyatini kunlik nazorat qilish va muvofiqlashtirib borish vazifasi ham endilikda profilaktika inspektorlari yordamchilariga yuklatildi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirishda profilaktika inspektorlari yordamchilariga huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslarni aniqlashda ko'maklashish, fuqarolardan sodir etilayotgan har qanday huquqbuzarliklarni to'xtatishni talab qilish, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda huquqbuzarliklar profilaktikasining umumiy, yakka, maxsus va viktimologik profilaktik chora-tadbirlarida bevosita ishtirok etish kabi bir qator huquqlar berildi.

Har jihatdan o'zini ko'rsata olgan profilaktika inspektorlarining yordamchilariga qanday imtiyozlar beriladi?

Albatta profilaktika inspektorlarining yordamchilarini qo'llab-quvvatlash, rag'batlashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Birinchi navbatda agar profilaktika inspektorining yordamchisiga biriktirilgan hududda jinoyatlar darajasi pasaysa, ularning oldini olish va ularga chek qo'yish chora-tadbirlari o'z vaqtida ko'rilgan bo'lsa fuqarolar yig'inlari raislari va faollari, profilaktika (katta) inspektorlari bilan birgalikda profilaktika inspektorining har bir yordamchisiga mehnatga haq to'lash fondining (pul ta'minotining) 100 foizigacha bo'lgan miqdorda har oy pul ustamasi to'lash va boshqa bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlash tartibini joriy etildi.

Bundan tashqari, Yuklangan vazifalarni bajarishda faollik ko'rsatgan, o'zlari faoliyat yuritayotgan hududda huquqbuzarliklarning oldini olishda namuna ko'rsatgan va sodir etilgan jinoyatlar soni nisbatan kam bo'lgan taqdirda, profilaktika inspektorlarining yordamchilari yoki ularning ota-onalariga belgilangan tartibda ichki turistik yo'nalishlarga hamda salomatligini tiklash maqsadida sog'lomlashtirish muassasalariga O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari mablag'lari hisobidan yo'llanmalar beriladi. Ichki ishlar organlarida xizmat qilish istagida bo'lganlari kadrlar zahirasiga olinadi.

Yana bir yangilikni ta'kidlashim mumkin O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligining oliy ta'lim muassasalariga, shu jumladan kasbiy tayyorgarlik fakultetiga o'qishga kirish istagida bo'lgan, xizmat faoliyatida yuqori ko'rsatkichlarga erishgan profilaktika inspektorlarining yordamchilariga ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining tavsiyanomasi beriladi. Ta'lim muassasalariga o'qishga kirish uchun tavsiyanomaga ega bo'lgan profilaktika inspektorlari yordamchilari o'rnatilgan tartibda dastlabki va kasbiy tanlovda ishtirok etadi va O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan kvotalarga muvofiq qabul qilinadi.

Qisqa qilib aytganda o'z vazifasiga sitqidildan yondoshgan, belgilangan vazifalarni bekamu-kust bajargan profilaktika inspektorlarining yordamchilari doimo e'tiborimizda bo'ladi va o'z vaqtida rag'batlantirilib boriladi.

Profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo'yicha yordamchilari lavozimida ishlashni istagan nomzodlar qanday talablarga javob berishi kerak?

Avvalo ta'kidlash lozim ichki ishlar organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini yaxshilash, ayniqsa "Mahalla posboni" jamoatchilik tuzilmalarini profilaktika inspektorlariga ko'maklashuvchi professional tizim sifatida shakllantirish maqsadida profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo'yicha yordamchilari lavozimlari joriy etilganligi, ularga huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida ichki ishlar organlariga amaliy yordam ko'rsatish uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilganligi bevosita mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarimizni yanada kuchaytirdi.

Biz profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo'yicha yordamchilari lavozimlarni fidoiy, biriktirilgan xududda huquqbuzarliklarni oldini olishga sidqidildan bel bog'lagan, kelgusida ichki ishlar organlarida xizmat qilishga ishtiyoqi yuqori bo'lgan yoshlar orasidan jamlab oldik.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 26 martdagi 251-son "ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo'yicha yordamchilari faoliyatini tashkil etish to'g'risida"gi qarorida ham aynan profilaktika inspektorlari yordamchilariga nomzodlar yoshi o'n sakkizdan kichik va o'ttizdan katta bo'lmagan (shu jumladan o'ttiz yoshdagi ham), umumiy o'rta, o'rta-maxsus yoki oliy, qoida tariqasida huquqshunos ma'lumotli, "Mahalla posboni" jamoatchilik tuzilmasining alohida o'rnak ko'rsatgan, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo'lgan, o'zining shaxsiy va ishchanlik sifatlari, sog'lig'ining holati va jismoniy tayyorgarligi bo'yicha jamoat tartibini saqlashga qodir, O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlaridagi muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni yoki oliy ta'lim muassasalarida harbiy tayyorgarlikni o'tagan bo'lishi lozimligi belgilab qo'yildi.

Ma'muriy javobgarlikka tortilgan shaxs qancha muddatdan so'ng ma'muriy javobgarlikka tortilmagan deb hisoblanishi mumkin?

Ma'muriy javobgarlikka tortilgan shaxs ma'muriy jazoni o'tagandan so'ng bir yil mobaynida yangi ma'muriy huquqbuzarlikni sodir etmagan bo'lsa, ushbu shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilmagan deb hisoblanadi.

Ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlari qanday me'yoriy hujjatga asosan huquqbuzarlarga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtiradilar?

Ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlari O'zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi Kodeksning 248-moddasi 4-qismida belgilangan huquqbuzarlik turiga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtiradilar.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi

Bosh boshqarmasi
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri, Yu.Rajabiy ko‘chasi 1-uy
Ushbu saytda chop etilgan materiallardan foydalanilganda www.hpbb.uz xavolasini ko‘rsatib o‘tish shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech