Yangiliklar

TINCHLIK VA SOG'LIK — ENG BEBAHO NE'MAT uni himoya qilish har bir yurtdoshimizning insoniy burchidir

Mamlakatimizda aholining tinchlik-osoyishtaligini ta'minlash va sihat-salomatligini asrash masalasi davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.

Bugun butun dunyoga xavf solib turgan koronavirus kasalligining mamlakatimizda tarqalishining oldini olish hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 15 martidan 22 mart kuniga qadar yurtimizda ushbu kasallik 40 nafardan ziyod shaxslarda aniqlangan bo'lsa, kasallikning 16 tasi 1 bemor bilan kontaktda bo'lganlarda uchragan. Bunday vaziyatda eng asosiysi, o'zaro muloqotni kamaytirish, kasallik yuqishining oldini olish borasidagi tartib-qoidalarga qat'iy rioya qilish zarurligini ko'rsatmoqda.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan ham “COVID-19” koronavirus turining respublikamiz hududida yanada tarqalib ketishiga yo'l qo'ymaslik va aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash borasida bir qator amaliy ishlar bajarilmoqda.

Koronavirus tarqalishiga qarshi kurashni kuchaytirish va karantin rejimi davrida xavfsizlik va jamoat tartibini ta'minlash hamda boshqa mutasaddi idoralar bilan o'zaro axborot almashish va ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida, Vazirlik va hududiy ichki ishlar organlarida tezkor shtablar tashkil etilgan.

Tahlillarga ko'ra,  joriy yilning 27 fevralidan 22 martiga qadar mamlakatimizga chegara orqali kirib kelgan jami 837 000 nafar fuqarolar chegara xizmati va tibbiyot xodimlari bilan birgalikda ko'rikdan o'tkazilgan. Tibbiy ko'rik davomida epidemik vaziyat noxush bo'lgan davlatlardan kelgan 19 479 nafar shaxslar aniqlanib, yashash manzili bo'yicha 14 kunlik tibbiy kuzatuvga yuborilgan.

Bugungi kunda, 14 kunlik karantinga olinganlarning 6 748 nafari Sog'liqni saqlash vazirligining xulosasi asosida tibbiy kuzatuvdan chiqarilgan bo'lib, 12 731 nafari tibbiy kuzatuvda qolmoqda. 

Tibbiy kuzatuvdagi shaxslardan 7 416 nafari shifoxonalarda, 5 315 nafari uy sharoitida saqlanmoqda. Uy sharoitida karantin o'tayotgan fuqarolar, belgilangan qoidalarga rioya qilishlari, karantin tartiblarini buzib tashqariga chiqishlarini oldini olish va aholining xotirjamligini ta'minlash maqsadida, jami 9 564 nafar, ya'ni har bir uyga bir nafardan profilaktika inspektori, shuningdek, mahalla raisi va tibbiyot xodimlari biriktirilgan.

Uy sharoitida “oilaviy karantin”da saqlanayotgan barcha fuqarolar Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi Kodeksning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) va Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan tanishtirilib, rasmiy ogohlantirildi.

Maxsus ajratilgan davolash va boshqa muassasalarda “umumiy karantin”da saqlanayotgan, tibbiy kuzatuvdagi shaxslarning belgilangan qoidalarga rioya qilishlari, karantin tartiblarini buzib tashqariga chiqishlarini oldini olish, bir so'z bilan aytganda, sanitariya cheklovlarini ta'minlash maqsadida, ushbu maskanlar Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari hamda Ichki ishlar va Milliy Gvardiya xodimlari tomonidan qo'riqlovga olingan.

CHet ellarda bo'lgan yurtdoshlarimizni mamlakatimizga qaytarish borasidagi sa'y-harakatlar natijasida, bugungi kunga kelib, 8 ta avia va 11 ta temir yo'l reyslari orqali xorijiy mamlakatlarda bo'lgan 4 173 nafar fuqarolar mamlakatimizga evakuatsiya qilinib, 22 ta tibbiyot muassasalariga joylashtirildi. 

YUqoridagi harakatlarning barchasi respublikamiz hududida ushbu xavfli infektsiyaning keng tarqalib ketishining oldini olish, har bir yurtdoshimiz salomatligini qat'iy muhofaza qilishga qaratilgan.

Biroq, ayrim fuqarolar bugungi vaziyatda mavjud qonun-qoidalarga rioya qilish va shu orqali sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorligiga hissa qo'shish o'rniga o'zi va boshqalarning hayotini xavf ostida qoldirib, epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish bilan bog'liq huquqbuzarliklar sodir etmoqda.

Misol uchun, 2020 yilning 16 mart kuni Janubiy Koreya respublikasidan Moskva shahriga va u erdan Samarqand shahriga kelgan, 1989 yilda tug'ilgan fuqaro A.Ashurov kuzatuvga olinib, Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Ushbu fuqaro 20 mart kunidan 21 mart kuniga o'tar kechasi epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzib, o'zboshimchalik bilan kasalxonadan qochib ketganligi aniqlangan. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida u Surxondaryo viloyati, Denov tumanida ushlanib, umumiy karantinga joylashtirilgan. 

Joriy yilning 18 mart kuni Moskva shahridan Toshkent shahriga kelgan, 1954 yilda tug'ilgan fuqaro T.eshov ham kuzatuvga olinib, Samarqand tumanidagi “Do'stlik” oromgohiga karantinga joylashtirilgan. T.eshov ham epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzib, o'zboshimchalik bilan 20 mart kunidan 21 mart kunga o'tar kechasi karantir zonasidan qochib ketgan. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasidan T.eshov Toshkent viloyati, Parkent tumani, Zarkent mahallasidagi yashash xonadonida ushlangan. 

19 mart kuni Moskva shahridan Qoraqalpog'ison Respublikasiga kirib kelgan, 1990 yilda tug'ilgan fuqaro SH.Ravshanov kuzatuvga olinib, Nukus shahridagi kasalxonaga karantinga joylashtirilgan. Biroq, ushbu fuqaro ham epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini qo'pol ravishda buzib, 21 mart kuni kasalxonadan qochib ketgan. Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari natijasida u Buxoro viloyati, SHofirkon tumani, Zarchabek mahallasidagi yashash uyida ushlanib, karantinga olindi. 

YUqoridagi holatlar yuzasidan aybdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 257-1 -moddasi bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

SHuningdek, karantin bilan bog'liq mavjud tartiblar va sanitariya cheklovlarini buzganligi uchun hozirgi vaqtga qadar 4 nafar shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortildi.

Xorazm viloyatining Xiva shahrida yashovchi, 1986 yilda tug'ilgan fuqaro M.Taxirov mast holda bo'lgan fuqaroning erda yotgan holatini uyali telefoni orqali videotasvirga tushirib, ushbu fuqaroni koronavirus infektsiyasiga chalingan, deb aholi orasida vahimaga sabab bo'luvchi ma'lumotlarni internet tarmog'i orqali tarqatib yuborgan. Mazkur holat yuzasidan ushbu fuqaroga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 million 115 ming so'm miqdoridagi jarima jazosi belgilandi. 

Bugungi vaziyatda har bir fuqaroning axloq-odob mezonlarini unutmasligi, sanitariya qoidalariga qat'iy rioya qilishi, o'zini va yaqinlarini kasallikdan himoya qilishning eng to'g'ri yo'li ekanligini har bir fuqaro yodda tutishi zarur. 

Tibbiy-profilaktik tadbirlar doirasida joylarda fuqarolar yig'inlari raislari, profilaktika inspektorlari va sog'liqni saqlash tizimi xodimlari tomonidan aholi o'rtasida tegishli targ'ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish maqsadga muvofiq.

Joriy yilning 22 mart kunidan boshlab Toshkent shahrida jamoat transporti harakati vaqtincha to'xtatilishi to'g'risidagi qarorni ham epidemiyaga qarshi kurash borasidagi kechiktirib bo'lmas choralardan biri sifatida qabul qilish lozim.

SHu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan mamlakatimizdagi haqiqiy vaziyatni soxtalashtirib talqin qilayotgan, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan uydirmalar, shuningdek, asossiz ma'lumotlarni tarqatayotgan akkauntlarni aniqlash va ularning egalariga nisbatan qonunda belgilangan tartibda huquqiy ta'sir choralarini ko'rish ishlari ham olib borilayotganligini yana bir bor eslatib o'tmoqchiman. 

eng muhimi, bugungi vaziyatda har birimiz zimmamizdagi vazifalarga yanada mas'uliyat bilan yondoshib, sanitariya-gigiena talablariga qat'iy rioya qilishimiz, eng bebaho ne'mat bo'lgan sihat-salomatlikni asrash va himoya qilish uchun barcha zarur choralarni amalga oshirishimiz shart.  

Koronavirusga qarshi birgalikda kurash olib borib, karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga rioya qilish o'zimiz va oila a'zolarimiz hamda yurtdoshlarimizning salomatligini asrash borasidagi eng to'g'ri yo'l ekanligini unutmaylik. 

Po'lat Bobojonov,

O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, 
general-leytenant.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi

Bosh boshqarmasi
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri, Yu.Rajabiy ko‘chasi 1-uy
Ushbu saytda chop etilgan materiallardan foydalanilganda www.hpbb.uz xavolasini ko‘rsatib o‘tish shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech