Yangiliklar

ORZULAR MAQSADGA AYLANSA....

Bolalikdagi orzu maqsadga aylansa nafaqat inson hayotida balki xalqimizning turmushida ham o‘z aksini topadi. O‘sha orzular esa turlicha... Kimgadir havas yoki ota – ona izidan borish an’anasi bilan paydo bo‘ladi. Bugungi qahramonim Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumani, IIB profilaktika katta inspektori mayor Qahramon Ulug‘ovning kasb tanlashi o‘zgacha. U o‘smirlikdagi havasi orqali shu sohaga kirib kelgan.

Qahramon aka, bolalarning idealidagi insoni, ayniqsa, o‘g‘il bolalarniki otasi hisoblanadi. O‘zimizni ulardek tutishga, ulardek kiyinishga, qolaversa, ular ishlagan joyda ishlashga harakat qilamiz? Sizning tarjimai holingizda esa aksini ko‘rdik?

Dadam qishloq xo‘jaligi sohasida ishlagan. Shunda ham quyosh chiqmasidan dalaga shoshar, kun botgunidan so‘ng uyga qaytardi. Oilada ko‘pchilikmiz. Yetti farzandning tarbiyasi va bilim olishi bilan asosan onam shug‘ullangan. Garchi uy bekasi bo‘lsada juda ziyoli inson edilar(rahmatli). Biz to‘rt o‘g‘il, uch nafar qizmiz. Har birimizning oliy ma’lumotli bo‘lishimiz, turfa orzularimiz sari borishimizda onamning hissasi katta. Oilada kenja o‘g‘ilman. Kezi kelsa akalarimga suyanib, ularga erkalanib katta bo‘lganman. O‘smir yoshda edim, bizdan ikki uy naridagi aka-ukalar bir vaqtda Ichki ishlar akademiyasiga o‘qishga kirgan. Shundan boshlab oilamizda ham, o‘zimda ham shu sohaga qiziqish ortgan. Ularning har ta’tilga kelishini intizorlik bilan kutardim. Negadir egnidagi maxsus kiyimi basavlat qilib ko‘rsatardi. Shundan so‘ng orzular maqsadga aylana boshladi. Maktabni ham a’lo baholarga tugatib, sport bilan ham muntazam shug‘ullanib bordim. 2004-yilda menga ham aynan shu sohaga o‘qishga kirish nasib etdi.

Ichki ishlar xodimi bo‘lish ham davlatimiz oldida, ham oilangiz va yaqinlar oldida ulkan mas’uliyatni talab etadi. Buni faqat orzu bilan bog‘lab bo‘lmaydi chamamda?

O‘qishni tugatganimdan so‘ng Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumani, Na’muna mahalla fuqarolar yig‘inida profilaktika inspektori lavozimida faoliyatimni boshladim. Bu mahalla fuqarolar yig‘ini uyimizdan qariyb 35 km uzoqlikda edi. Faoliyatim yuzasidan ertayu kech shu mahallada bo‘lishim kerak. Ba’zida xizmat xonamizda qolib ketardik. Prezidentimizning alohida topshiriq va farmoni bilan 2017-yil profilaktika inspektorlariga o‘zi xizmat olib borayotgan hududdan na’munali, qulay va barcha shart-sharoitlarga ega xizmat uylari qurib berildi. Qolaversa, uzoq muddatga imtiyozli kredit asosida avtomashina ham oldik. Mana hozirda katta inspektor bo‘lib, shu mahallada 12 yildan buyon xizmat qilib kelmoqdaman.

Mehnatning samarasi ertami, kechmi o‘z mevasini beradi. Yaqindagina yuksak e’tirofga sazovar bo‘lganingiz soha vakillarini quvontirdi. Ammo bu mukofotlar faqatgina fidoyilarga taqdim etiladi. To‘g‘rimi?

Juda to‘g‘ri. Necha yillardan buyon shu mahallaning fuqarolarini yaxshi taniyman. Kimdir akamday, kimdir ukamday bo‘lib qolgan. Ko‘pchilik otaxon va onaxonlar ham meni o‘z o‘g‘liday ko‘radi. Muammoli oilalarimiz juda kam. Shu vaqt oralig‘ida birgina shu mahallada og‘ir jinoyatlarning oldini olishga erishdik. Mahallamizning obod bo‘lishida tadbirkorlar bilan hamkorlikda bir qator samarali ishlarni yo‘lga qo‘ydik. Shu mehnatlarimiz yuqori baholanib, 2019-yil “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim.

Muborak bo‘lsin! Qahramon aka, hozirda jonkuyar soha xodimi va mehribon otasiz. Farzandlaringizda ham aynan shu kasbga qiziqish bormi?

Katta farzandim sakkiz yosh. Endigina maktab ta’limiga chiqqan. Shunga qaramay ishdan kelishimni uxlamay kutib o‘tiradi. Bir marta bo‘lsada shapkamni kiyib ko‘radi. Har doim “dada, katta bo‘lsam albatta sizdek ichki ishlar xodimi bo‘laman. Xalqimizga foydasi tegadigan inson bo‘lib yetishaman”, - deya orzu qiladi. Ilohim, orzulari ushalsin. Keyingi farzandlarimda esa boshqa kasblarga qiziqishni ko‘raman. Masalan, qizim shifokor bo‘lishni istaydi. Gap ularning qaysi hunar va kasb tanlashida emas, muhimi o‘sha sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishida.

Bolalar ulg‘aygunicha turfa kasbga qiziqadi. Zero, ot o‘rnini toy bossa ajab emas.Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Siz kabi fidoyi insonlar bor ekan, uyqumiz tinch, tongimiz nurafshon otgay!

Kumush Hamroyeva
suhbatlashdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi

Bosh boshqarmasi
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri, Yu.Rajabiy ko‘chasi 1-uy
Ushbu saytda chop etilgan materiallardan foydalanilganda www.hpbb.uz xavolasini ko‘rsatib o‘tish shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech