Kitobxonlik madaniyati

Kitob – umr yo'llarini yorituvchi so'nmas nur, inson hayotiga mazmun baxsh etuvchi saodat manbai, unga har qanday vaziyatda ham hamroh bo'luvchi sodiq do'st. Insonning ma'naviy kamolotini ta'minlashda kitob singari kuchli qudratga ega vosita yo'q. Shu bois azal-azaldan ma'rifat peshvolari, ahli donishlar butun insoniyatni kitob o'qishga, undan ilmu odob sirlarini o'rganishga chorlab kelishgan.

Darhaqiqat, kitob insonni erdan ko'kka ko'taruvchi, uning ma'naviy quvvatini oshiruvchi buyuk kuchdir. U insoniyatning tarixiy xotirasi, ma'naviy-ma'rifiy olami, ilmiy zaminini mustahkamlovchi, kelajakni yorqin ko'rsatib borishga qodir mash'ala hisoblanadi.

Axloq-odob borasida buyuk asarlar yaratgan Muhammad Jabalrudiy kitob haqida shunday deydi: "Ey, aziz! Kishi uchun kitobdan azizroq va yoqimliroq suhbatdosh yo'qdir. Kitob fasohat, balog'atda, latofatda tengi yo'q, munofiqlikdan xoli hamrohdir. Yolg'izlikda va g'amli ayyomlarda munis ulfatdir. Unda na nifoq boru, na gina. U shunday hamdamki, so'zlarida yolg'on va xato bo'lmaydi. Suhbatidan esa kishiga malollik etmaydi. U o'z do'stining dilini og'ritmaydi. Yuragini esa siqmaydi. U shunday rafiqdirki, kishi orqasidan g'iybat qilib yurmaydi. Uning suhbatidan senga shunday fayzli foydalar etadiki, bunday foydani odamlardan topa olmaysan. Aksincha, aksar odamlar suhbatidan kishiga zarar etadi. Kitobdek do'st ichida barcha ilmu hilm mujassamdirki, u kishilarni o'tmishdan va kelajakdan ogoh qilib turadi. Shuning uchun ham "kitob aql qal'asidir".

Bugun jamiyatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, ayniqsa, yoshlar o'rtasida mutolaa madaniyatini rivojlantirishga davlat tomonidan alohida e'tibor berilib, ko'plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning
2017 yil 12 yanvardagi "kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ'ibot qilish bo'yicha komissiya tuzish to'g'risida"gi farmoyishi, 2017 yil 13 sentyabrdagi "kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ'ib qilish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to'g'risida"gi va
2018 yil 12 maydagi "Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o'rganish va targ'ib qilish maqsadida yoshlar o'rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to'g'risida"gi qarorlari asosida mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan bir qator tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilishi jamiyatda kitobga bo'lgan munosabatning ijobiy tomonga o'zgarishiga zamin yaratdi.

Xususan, ichki ishlar organlarida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish borasidagi ishlar vazirlik rahbariyatining doimiy e'tiborida bo'lib kelayotganini ta'kidlab o'tish joiz. Zero, bugun mamlakatimizda ichki ishlar organlarining har bir xodimi tomonidan "Xalq manfaatlariga xizmat qilish"ni muqaddas burch deb biladigan ijtimoiy yo'naltirilgan professional tuzilmaga aylantirishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar o'tkazilayotgan bir davrda har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etgan tizim xodimlarining kasbiy malakasini, huquqiy bilimlarini oshirish, ularning ma'naviy dunyoqarashini yuksaltirish, xodimlar bilan ma'naviy-tarbiyaviy ishlarni yanada kuchaytirish kabi vazifalarni bajarishda kitob eng yaqin ko'makchi bo'lishi shubhasiz. Bugun shiddat ila rivojlanayotgan zamon bilan hamnafas bo'laman, degan har bir davlat xizmatchisi, jumladan, ichki ishlar organlari xodimlari ham doimo o'z ustida ishlashi, bilim va ko'nikmalarini tinimsiz oshirishi zarur. Buning uchun esa kun tartibida kitob mutolaasiga ham vaqt ajratishi, kundalik davriy nashrlarni, Internet tarmog'idagi yangiliklarni kuzatib borishi lozim. Zero, ichki ishlar organlari xodimlari doim xalqimizning ko'z o'ngida, aholi orasida xizmat olib boradi, tabiiyki, har kuni o'ziga turli masalalarda murojaat qilgan fuqarolarga qonuniy va asosli javob berishiga to'g'ri keladi.

O'zingiz o'ylang, kitob o'qimagan, dunyoqarashi tor, notiqlik mahorati bo'lmagan xodim yuqorida ta'kidlangan vazifalarni sifatli bajara oladimi? Biror-bir muammo yuzasidan yordam so'rab kelgan fuqaroga qonuniy yo'l-yo'riq ko'rsata oladimi? Albatta, yo'q. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugun har bir ichki ishlar organi xodimi jamiyatda huquqiy madaniyat targ'ibotchisiga aylanishi, buning birinchi sharti sifatida, avvalo, o'zi kitobga oshno bo'lishi lozim.

"Kitob tafakkur qanotidir", degan edi alloma adibimiz Oybek. Kitob o'qigan inson, qaysi sohada ishlamasin, to'g'ri fikrlash, oqu qorani ajratish, murakkab vaziyatlarda oqilona qaror qabul qilish ko'nikmasiga ega bo'ladi. Bundan tashqari, nutqi ravon bo'ladi, odamlarni o'z ortidan ergashtira oladi. Bular esa ichki ishlar organlari xodimlari uchun eng kerakli sifatlar hisoblanadi.

Shu bois ham bugun ichki ishlar organlarida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, xodimlarning o'z ustida ishlashi uchun zarur sharoit yaratish borasida ko'pgina ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ichki ishlar organlarida amalga oshirilgan islohotlar jarayonida
2017 yilning dekabr oyida ichki ishlar vazirligi Markaziy apparati tarkibidagi muzey va kutubxona negizida vazirlik Kadrlar bosh boshqarmasiga bo'ysunuvchi ma'rifiy va axborot-resurs markazi tashkil etildi.

O'tgan davr mobaynida ichki ishlar organlari xodimlari o'rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ma'naviy-ma'rifiy va huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida vazirlik kutubxonasi yangi binoga ko'chirilib, zamonaviy jihozlar hamda elektron kutubxona uchun kompyuter to'plamlari bilan ta'minlandi. Kutubxona 5 mingga yaqin yangi huquqiy, tarixiy-siyosiy, badiiy, ilmiy-ommabop va boshqa janrlardagi adabiyotlar, 7 mingga yaqin elektron resurslar bilan boyitildi. Elektron kutubxona Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi bazasiga hamda Internet tarmog'iga ulangan bo'lib, xodimlar shu erdan turib, ulardagi noyob kitoblar, dissertasiya va avtoreferatlar hamda dunyoning ko'plab davlatlarida chiqadigan davriy nashrlar bilan tanishish imkoniga ega.

Ma'rifiy va axborot-resurs markazi faqatgina foydalanuvchilarga axborot-kutubxona xizmati ko'rsatib qolmasdan, bu erda turli yangi asarlar taqdimotiga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar ham o'tkazib kelinmoqda. Mustaqillik yillarida tinch va osoyishta hayotni ta'minlash yo'lida mardlarcha halok bo'lgan xodimlar xotirasiga bag'ishlangan "mard o'g'lonlar nomi barhayot", ichki ishlar organlarida ko'p yillar samarali xizmat qilgan marhum Haydar Yahyoevning "tilsim" nomli kitoblari taqdimotiga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar bunga misol bo'ladi.

Hududiy ichki ishlar organlarida, vazirlik ta'lim muassasalarida ham bu boradagi ishlar doimiy nazoratga olinib, Qoraqalpog'iston Respublikasi IIV, barcha viloyatlar IIBda tashkil etilgan kutubxonalar yangi adabiyotlar bilan boyitib borilmoqda. Masalan, joriy yilda Qashqadaryo viloyati IIB qoshida ichki ishlar organlari xodimlari va boshqa foydalanuvchilarga xizmat ko'rsatuvchi "dor ul-kutub" nomli zamonaviy kitoblar uyi barpo etildi. Shu kunlarda Toshkent shahar IIBBda muzey va kutubxona uchun yangi zamonaviy bino qurilib, foydalanishga topshirilish arafasida turibdi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda tashkil etilgan ichki ishlar vazirligining akademik liseylarida tahsil olayotgan bo'lajak xodimlarni yoshligidan kitobga oshno qilib tarbiyalash maqsadida mazkur akademik liseylardagi axborot-resurs markazlari yangi kitoblar bilan doimiy boyitilmoqda. Bundan tashqari, vazirlik Akademiyasi axborot-resurs markazi fondidagi talab katta bo'lgan huquqiy, tarixiy-siyosiy, badiiy, ilmiy-ommabop va boshqa janrlardagi adabiyotlarning elektron variantlari ko'paytirilib, akademik liseylarga tarqatildi.

Ichki ishlar organlari xodimlarining intellektual salohiyati, kasbiy, siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish, ma'naviy dunyoqarashini kengaytirish hamda ular o'rtasida kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi va O'zbekiston yoshlar Ittifoqi Markaziy Kengashining 2019 yil 27 fevraldagi qo'shma qaroriga asosan, joriy yilning aprel – may oylarida ilk bor ichki ishlar organlarining yosh xodimlari, harbiy xizmatchilari hamda vazirlik oliy ta'lim muassasalari kursantlari o'rtasida ikki bosqichda "eng yaxshi kitobxon" tanlovi o'tkazilib, g'oliblar va sovrindorlar IIV hamda yoshlar Ittifoqi tomonidan qimmatbaho sovg'alar va boshqa mukofotlar bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlari xodimlari o'rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yangi chop etilgan kitoblarni targ'ib qilish maqsadida vazirlik va uning tarkibiy hamda hududiy bo'linmalarida kitob yarmarkalarini o'tkazish yo'lga qo'yilgan. Ushbu yarmarkalarda respublikadagi etakchi nashriyotlar va kitob savdosi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar o'zlarining yangi chop etilgan turli janrdagi kitoblari bilan ishtirok etmoqda.

Xulosa qilib aytganda, yuksak intellektual salohiyatga, o'z mustaqil dunyoqarashiga ega, tashabbuskor, jismonan sog'lom va ma'nan etuk bo'lgan haqiqiy vatanparvar xodimlargina bugun tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning hal qiluvchi kuchi, xalqimizning haqiqiy ma'nodagi himoyachisi hisoblanadi. Ichki ishlar organlari xodimlarida yuqoridagi ijobiy sifatlarning shakllanishida esa ularning kitobga oshno bo'lishi, nafaqat o'z kasbiy faoliyatiga oid, balki turli janrdagi kitoblarni o'qib, o'z bilimi va dunyoqarashini kengaytirib borishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Elbek Normo'minov, kapitan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi

Bosh boshqarmasi
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri, Yu.Rajabiy ko‘chasi 1-uy
Ushbu saytda chop etilgan materiallardan foydalanilganda www.hpbb.uz xavolasini ko‘rsatib o‘tish shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech