Faoliyatining huquqiy asoslari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

 

Jamiyatda barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish, inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish, huquqiy demokratik davlat qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan ko‘zlangan maqsadlarga erishishning muhim sharti hisoblanadi.

Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi bo‘yicha respublikada yaxlit huquqiy tizim yaratilgan bo‘lib, unda ichki ishlar organlari muhim o‘rin egallaydi.

O‘tgan davr mobaynida ichki ishlar organlari tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ichki ishlar organlarining mahallalarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun tashkil etilgan quyi bo‘g‘inini rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash, yurtimizda jinoyatchilikning o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik imkonini berdi.

Bugungi kunda yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlar, avvalo, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, yoshlar o‘rtasida xalqimizga yot g‘oyalar tarqalishining tobora kuchayib borayotganligi ichki ishlar organlari oldiga o‘z vaqtida ularning oldini olish va ularga barham berish bo‘yicha yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

Shu bilan birga, keyingi yillarda ichki ishlar organlari faoliyatida to‘planib qolgan jiddiy kamchilik va muammolar ushbu vazifalarni samarali bajarishda to‘siq bo‘lmoqda. Xususan:

birinchidan, respublika, o‘rta va quyi bo‘g‘indagi bo‘linmalar o‘rtasida asosiy vazifa va funksiyalar aniq taqsimlanmagani har bir xodimning faoliyati ustuvor yo‘nalishlarini va ishning pirovard natijasi uchun shaxsiy javobgarligini belgilashni qiyinlashtirmoqda;

ikkinchidan, amaldagi tashkiliy-shtat tuzilmalari kuch va vositalardan oqilona foydalanishni ta’minlamayapti, oqibatda markaziy va o‘rta bo‘g‘inning ba’zi xizmatlarida yetarli ish hajmi bo‘lmay turib, keragidan ham ortiqcha shtat birliklari saqlanib turgan bir paytda, quyi bo‘linmalar zimmasiga haddan ziyod xizmat vazifalari yuklanishiga olib kelmoqda;

uchinchidan, ichki ishlar organlari mansabdor shaxslari, shu jumladan profilaktika inspektorlarining aholi bilan muloqoti yo‘lga qo‘yilmagan, fuqarolar bilan muomala madaniyati pastligicha qolmoqda, aholining eng muhim muammolarini hal etish borasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlik ta’minlanmayapti;

to‘rtinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yuzaki ko‘rib chiqilmoqda, ularda ko‘tarilayotgan masalalar har tomonlama chuqur tahlil qilinmayapti, murojaatlarga rasmiyatchilik uchungina javob berilayotgani fuqarolarning noroziligini keltirib chiqarmoqda, ularni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga va boshqa tashkilotlarga shikoyat bilan murojaat etishga majbur qilmoqda;

beshinchidan, ichki ishlar organlari mansabdor shaxslarining aholi oldida hisobot berib borishining ta’sirchan tizimi, ularning faoliyati ustidan jamoatchilik, parlament va deputatlik nazoratining samarali mexanizmlari joriy etilmagan, bu esa xodimlarning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishi uchun mas’uliyatini oshirish imkonini bermayapti;

oltinchidan, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi bo‘yicha ishlar asosan, sodir etilgan g‘ayriqonuniy qilmishlarning oqibatlariga qarshi kurashishdan iborat bo‘lib qolmoqda, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni sodir etish sabablari va shart-sharoitlarini chuqur tahlil qilish, aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tizimli va samarali chora-tadbirlar ko‘rilmayapti;

yettinchidan, o‘sib kelayotgan avlodni buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilishga, yoshlar jinoiy faoliyatga, avvalambor, terrorizm va diniy ekstremizmga jalb etilishining oldini olishga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti, ichki ishlar organlarining tarbiyaviy o‘rni sezilmayapti;

sakkizinchidan, ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi hozirgi talablarga javob bermaydi, poraxo‘rlik va xizmat mavqeini suiiste’mol qilish holatlari hamon uchrab turibdi;

to‘qqizinchidan, eng yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tizimga joriy etish, ichki ishlar organlarini zamonaviy vositalar va asbob-uskunalar bilan jihozlash darajasi qoniqarsizligicha qolmoqda.

2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida:

  1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tizimini isloh qilishning eng muhim yo‘nalishlari deb hisoblansin:

birinchidan, ichki ishlar organlarini aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatadigan, har bir xodimi tomonidan “Xalq manfaatlariga xizmat qilish”ni o‘z xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish;

ikkinchidan, zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarni, bajarilayotgan ishlar muhimligi va ko‘lamini e’tiborga olgan holda ichki ishlar organlari barcha darajadagi bo‘linmalarining vazifa va funksiyalarini aniq belgilash hamda taqsimlash, tashkiliy-shtat tuzilmasini maqbullashtirish, kuch va vositalardan oqilona foydalanish;

uchinchidan, xalq bilan aniq maqsadni ko‘zlab o‘tkaziladigan tizimli muloqotni ta’minlash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirish, aholining eng muhim muammolari hal etilishiga har tomonlama ko‘maklashish;

to‘rtinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etishning sifat jihatidan mutlaqo yangi tartibini o‘rnatish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va hal etishga yuzaki va rasmiyatchilik bilan yondashuvlarga chek qo‘yish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun vakolat doirasida barcha vositalarni ishga solish;

beshinchidan, ichki ishlar organlari mansabdor shaxslarining aholi oldida muntazam hisobot berib borishi tizimini, qilingan ishlarga baho berishning aniq mezonlarini, shuningdek ularning faoliyatida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha jamoatchilik, parlament va deputatlik nazoratining samarali mexanizmlarini joriy etish;

oltinchidan, avvalo, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini o‘z vaqtida bartaraf etish, aholining barcha qatlamlari huquqiy madaniyatini oshirish, ularda qonunga hurmat, qonun buzilishining har qanday ko‘rinishiga murosasizlik tuyg‘usini singdirish yo‘li bilan huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va oldi olinishini ta’minlash;

yettinchidan, voyaga etmaganlar va yoshlarni Vatanga muhabbat, vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, o‘sib kelayotgan avlodni terrorizm, diniy ekstremizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilishga qaratilgan tizimni rivojlantirish;

sakkizinchidan, ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish hamda yanada takomillashtirish, ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishiga olib kelayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish;

to‘qqizinchidan, ichki ishlar organlari barcha bo‘linmalarining faoliyati yanada samarali bo‘lishini ta’minlaydigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

o‘ninchidan, ichki ishlar organlari faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash, xodimlarning samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ularni xizmat turar joylari bilan ta’minlash.

  1. 2017-yil 1-oktabrdan quyidagi tartib o‘rnatilsin:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan bir yilda ikki marta O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi holati to‘g‘risidagi hisoboti eshitiladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlari tomonidan har chorakda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining hisobotlari eshitiladi;

xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan har chorakda tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) boshliqlarining hisobotlari hamda har oyda ularning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari — huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi (bo‘linmasi) boshliqlarining hisobotlari eshitiladi.

Ichki ishlar organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari eshitilayotganda ular zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishi yuzasidan ko‘rilayotgan choralar va ishlar natijasi tanqidiy muhokama qilinishi, ular faoliyatining samaradorligiga alohida baho berilishi, shuningdek egallab turgan lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi haqida tavsiyalar qabul qilinishi belgilab qo‘yilsin.

  1. Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi negizida — Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi hamda Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi;

Ekspert-kriminalistika markazi va Ekspert-portlatish texnikasi markazi negizida –Ekspert-kriminalistika bosh markazi;

Moliya-iqtisodiyot boshqarmasi, Moddiy-texnika ta’minoti boshqarmasi, Xo‘jalik boshqarmasi, Kapital qurilish boshqarmasi negizida — Moliya va moddiy-texnika ta’minoti bosh boshqarmasi;

Tashkiliy-inspektorlik boshqarmasining Xalqaro hamkorlik bo‘limi hamda Inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta’minlash boshqarmasining Inson huquqlarini himoya qilish va ushbu sohada xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik bo‘limi negizida — Xalqaro hamkorlik boshqarmasi tashkil etilsin.

  1. Quyidagilar:

Tergov bosh boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentiga;

Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati Kadrlar bosh boshqarmasiga;

Tashkiliy-inspektorlik boshqarmasi Tashkiliy-inspektorlik va axborot-tahlil bosh boshqarmasiga;

Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasiga;

Shaxsiy tarkib bo‘yicha maxsus inspeksiya O‘z xavfsizligi boshqarmasiga;

Kotibiyat Jismoniy, yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ish yuritish boshqarmasiga;

Aloqa bo‘limi Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash boshqarmasiga;

Transportdagi ichki ishlar boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasiga, tarmoq ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari, bo‘linmalari) transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limlariga;

Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti Harbiy-texnika institutiga;

Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabi Yong‘in xavfsizligi institutiga;

serjantlar tarkibini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang‘ich tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlariga o‘zgartirilsin.

  1. Tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘i lavozimi joriy etilsin va u profilaktika inspektorlari ishini, avvalambor, voyaga etmaganlar hamda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha ishini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish uchun javobgar bo‘lishi belgilansin.
  2. Quyidagi ustuvor yo‘nalishlar nazarda tutilgan Ichki ishlar organlari tizimini tubdan isloh qilish kompleks chora-tadbirlar Dasturi (keyingi o‘rinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, vazifa va funksiyalarini maqbullashtirish bo‘yicha institutsional o‘zgarishlar;

ichki ishlar organlarining faoliyatini ochiq va oshkora, shuningdek fuqarolarning ularga ishonchi oshishini ta’minlaydigan tarzda tashkil etish;

kadrlarni tayyorlash, tanlash va joy-joyiga qo‘yishning ilg‘or mexanizmlarini joriy etish, ularning malakasi, ma’naviy-axloqiy fazilatlarini oshirish orqali kadrlar salohiyatini mustahkamlash;

ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

ichki ishlar organlarining moddiy-texnika bazasi, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va uy-joy-maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash.

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun vazirlik va idoralarning rahbarlari shaxsan javobgar ekanligi belgilab qo‘yilsin.

  1. Ichki ishlar organlari tizimini tubdan isloh qilish kompleks chora-tadbirlar Dasturini amalga oshirish bo‘yicha Maxsus komissiya 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Maxsus komissiya (A.A. Azizov):

vazirlik va idoralar mutaxassislari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalarining yetakchi olimlari, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillarini jalb qilgan holda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ekspert guruhlarini tuzsin va ularning samarali ish olib borishini tashkil etsin;

qonun hujjatlari, huquqni qo‘llash amaliyoti chuqur tanqidiy tahlil qilinishini va ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganilishini, shu asosda Dasturda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlanishini ta’minlasin;

Dasturda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari izchil va sifatli tayyorlanishi, o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi va belgilangan tartibda kiritilishini, shuningdek boshqa tadbirlar amalga oshirilishini doimiy nazorat qilsin.

  1. 2025-yilning 1-yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va Dastur tadbirlarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan uskunalar, texnika, aloqa tizimi va vositalari, dasturiy ta’minot mahsulotlari hamda boshqa moddiy-texnik vosita va resurslar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvlari uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etilsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda bir hafta muddatda ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ichki ishlar organlarining yangi tashkil etilayotgan bo‘linmalarini joylashtirish, jihozlash va ular faoliyatining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda to‘liq faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun boshqa tashkiliy masalalarni hal etish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritsin.

  1. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-sonli Farmoni

 

O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi

Bosh boshqarmasi
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri, Yu.Rajabiy ko‘chasi 1-uy
Ushbu saytda chop etilgan materiallardan foydalanilganda www.hpbb.uz xavolasini ko‘rsatib o‘tish shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech